Меню

вторник, 27 августа 2013 г.

Муаллиф Бонг Уради....Давлатчи ёки Ватаним мани-ми ?


Bu mavzu haqida qalam tebratish juda mas'uliyatli ish. Lekin bir savol meni yozishga majburladi: biz rostan 
Vatanparvarmizmi?

2676215006_7733d27869_o


Ishonchim komilki, aksariyat o‘g‘il bolalar savolimga ijobiy javob berib, isbotini harbiy xizmatni ado etganligida deb biladi. Ammo javob berishga shoshilmang, vatanparvarlik faqat shunda namoyon bo‘larmikin?
— Bozordagi savdogar vatanni himoya qilaman, sevaman deb baralla hayqirishi mumkin (hatto televizorda ham), lekin sotayotgan molining qanchasiga chek uryaptiyu, qanchasiga urmayapti?
Axir shulardan undirilgan soliqlar tufayli byudjet daromadi ta'minlanmaydimi? Axir bu xalqqa, qolaversa, vatanga hiyonatmasmi?!
— Universitetdagi ko‘pchilik domlalarning qanchasi insof bilan dars berayaptiyu, qanchasi semestr daromadini sarhisob qilib, qanday mashina olish haqida orzu qilayapti? Bunaqada vatanning kelajagi bo‘lgan yoshlarning ongida qanday iz qoladi oltin davrdan? Shumi vatanparvarlik?!
— Biror joyingiz betob bo‘lib shifoxonaga borsangiz dorilar yetmasligini ro‘kach qilib, qo‘limizga ikki enlik retsept tutishadi. Demakki, ularni ham kimlardir jig‘ildoniga joylamoqda. Balki o‘sha odamdan vatan haqida ikki og‘iz so‘z ayting deb mikrofon tutsangiz, 200 og‘iz bilan ham tinmaydi. Bu dorilarni olishga esa kimarning imkoni bor, kimlarniki yo‘q. Sog‘lig‘i joyida bo‘lmagan inson vatan haqida qayg‘urarmikin? Birovning haqqidan hazar qilmaganchi?!
— O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan degan yozuvli mahsulotni ko‘rsak yo sifatsiz bo‘ladi, yoki biz uni mensimaymiz. "Xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa ..." degandek.
— Bankka, elektr energiyasi, gaz yoki shu kabi xizmat ko‘rsatish idoralariga odmiroq kiyinib boring, sizga qanday muomala qilarkin. Shu inson o‘rnida sening otang, onang yoki biror qarindoshing bo‘lganida ham shunaqa muomala qilarmiding deydigan inson topilmaydi.
— Yo‘llarni ta'mirlayotgan brigadalarni ko‘rib quvonamiz. Hatto birinchi yomg‘irga dosh bermayotganini ko‘rgach esa kim nima deyishi o‘ziga ayon.
— Yoshlar qaysidir estrada yoki kino yulduzlarining yangi klipida nima kiyib chiqqaniyu, ularning qaysidir birlarining behayo so‘zlar bilan aljirashlarini tomosha qilish bilan mashg‘ul. Shularmi endi zamonamiz qahramonlari?
Bizga nima bo‘lgan o‘zi?!
Ro‘yhatni anchagina qilib davom ettirishim mumkin edi, lekin xulosa qilishga shularning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak.
Vatanni sevish — uni kimlardandir himoya qilish yoki harbiy xizmatga borib kelishdagina emas, aslida o‘z ishimizni ongli ravishda sidqidildan vijdonan ado etishda, xalqqa, hech bo‘lmasa kimgadir nafimiz tegishida bo‘lsa kerak. Shundagina vatan o‘zagi bo‘lmish xalq baraka topadi, rivojlanadi.
Tildamas, amalda isbotlagan afzal!
P.S. Maqola kimnidir tanqid qilish uchun emas, balki mulohaza qilish uchun yozilgan.

Комментариев нет:

Отправить комментарий