Меню

пятница, 17 января 2014 г.

Туркий бирдамлик хакикатми ёки хом-хаёлми?


Положение тюрко-татар в СССР, их движение, взгляды и надежды на будущее. Туркестан, Кавказ, Крым, Идель-Урал и Сибирь


Bugun Lenta.Ru saytida berilgan “Гастарбайтеры предложили объединить Среднюю Азию” maqolasini o‘qib, bir zamonlar Turkiy birdamlik haqida eski blogimga yozgan blogpostim esimga tushdi va uni topib, hukmingizga havola etmoqdaman.

Tarix bo‘yicha bilimlarimning ozligidanmi yoki yana boshqa sabab bilanmi, xullas, barcha turkiy millat vakillari bir davlat tarkibida, bir bayroq
ostida yashaganini hech eslay olmadim. Bir davlat va ittifoq tugul, barcha turkiy xalqlarni birlashtiruvchi obro‘liroq biror bir uyushma va yoki tashkilotning nomini ham eslay olmadim. Shunday bo‘lsada, turkiy birdamlik mavzusi tez-tez ko‘tariladigan mavzulardan biri hisoblanadi. Turkiy birdamlik haqida gap ketganida, ko‘pchilik darhol Turkiya, panturkizm va panislomizm degan so‘zlarni eslaydi. Albatta, Turkiyaning barcha turkiy davlatlar rahnamosiga aylanish istagi yo‘q, deb aytib bo‘lmaydi. Bugungi kunda bu mavzuni eng ko‘p ko‘taradigan va targ‘ib qiladigan ham aynan Turkiya yoki turkiyaliklardir. Lekin, hozirgacha bu yo‘lda biror sezilarli natijaga erishilgani yo‘q. Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistonni o‘z ichiga olgan tashkilotdan ham biror natija chiqishiga ishonish qiyin.

Shaxsiy fikrimcha, turkiy birdamlik ayni kunlarda amalga oshishi nihoyatda qiyin va murakkab bo‘lgan ishdir. Buning bir nechta sabablari mavjud.

Birinchi sabab – bu turkiy davlatlardagi bugungi siyosiy holat va hokimiyat teppasida turgan shaxslar. Bugungi kunda men bilgan 6 mustaqil turkiy davlat bor – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston. Bu davlatlarning bugungi kundagi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlanish yo‘nalishlari va darajalari bir-biridan ancha farq qiladi. Bunday vaziyatda bir yoqadan bosh chiqarishning imkoni yo‘q. Buning amaliy natijasini bugungi kunning o‘zi ham ko‘rsatib turibdi. Hattoki, bir qarashda bu g‘oyaning asosiy tashabbuskori deb ko‘riladigan Turkiya ham asosan Yaqin Sharq mintaqasidagi yetakchilik, Yevropa va AQSh bilan hamkorlikni birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Ikkinchidan, odamlarimizdagi turkiy birdamlikka bo‘lgan ehtiyojning kuchli emasligi yoki uning umuman mavjud emasligi. Nazarimda, bugun turkiy davlatlardagi odamlarni bir millat vakili, deb atash juda va juda qiyin. Qolaversa, Sobiq Ittifoq davridagi (bu siyosat Markaziy Osiyo davlatlarida hamon davom etmoqda) milliy siyosat natijasi ham ta’sir qiladi. Ya’ni, men turkiyman deyishdan, men o‘zbekman, qirg‘izman yoki qozoqman deyish odamlarimizga ko‘proq yoqadi. Mustaqillikdan keyin boshlangan tarixni qayta yozish jarayoni esa xalqlarimizni bir-biridan yanada uzoqlashtirdi, nazarimda. Tarix kitoblarimizda faqat o‘zimizning millatimizning qanday buyuk ekanligi, qanday boy tarixga ega ekanligimiz, qanday buyuk insonlarning farzandi ekanligimiz yozilgan. Natijada barcha millat vakillarida oliylik hissi uyg‘ondi, qolganlarni, ayniqsa qardosh millatlarga past nazar bilan qarash kuchaydi. Mintaqada millatchilik kayfiyati kuchayib borayotgani bunga misol.

Uchinchi va mening nazarimda eng katta sabab – dunyoning eng qudratli davlatlari turkiy davlatlar ittifoqidan umuman manfaatdor emas. AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi bunday ittifoq bu davlatlar ustidan nazorat o‘rnatish qiyinlashishi sababligina qarshi bo‘lsa, Rossiya va Xitoy hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun ham qarshi bo‘ladi. Tasavvur qiling, barcha mustaqil turkiy davlatlar ittifoq tuzib, rivojlana boshladi, tashqi va ichki tahdidlarga birgalikda yechim topa boshlashdi, xullas, ittifoq o‘z samarasini bera boshladi. Bunday holat, tabiiyki, boshqa davlatlar tarkibidagi turkiy davlatlarda ham bu ittifoqqa kirish niyatini uyg‘otadi. Yana ham aniqroq aytsam Rossiyada tatarlar va boshqirdlar, Xitoyda uyg‘urlar bu davlatlar tarkibidan chiqish istagini bildirishi ehtimoldan holi emas. O‘zi shundoq ham muammoli sanalgan bu mavzuning yana avj olishini Rossiya va Xitoy xohlamasligi aniq, albatta. Eron va Afg‘onistonda ham ko‘p soni turkiy millat vakillari yashashini hisobga olsak, bu davlatlar ham turkiy birdamlikdan xursand bo‘lmasa kerak. Ko‘rib turibmizki, deyarli hech kim bizning birlashishimizdan manfaatdor emas. Bu esa birlashish yo‘liga olib keluvchi harakatlar boshlanib ulgurmasidanoq ularni yo‘q qilishga qaratilgan dasturlar ham paydo bo‘ladi deganidir.

Шермухаммад

Комментариев нет:

Отправить комментарий