Меню

вторник, 8 октября 2013 г.

Чет элларда улгаётган болларимиз такдири не булар экан шу кетишда...???


Yaqinda Chikago shahridagi o’zbeklar jamiyati mustaqillik bayramiga atab vatandoshlar saylini o’tkazdi. O’qishga aloqador sabab bilan yaqin joyda yashayotganimiz uchun oilaviy bo’lib biz ham shu tadbirga bordik.

Chikagodagi o’zbeklar jamiyatiga alohida hurmatim bor. Chikago O’zbek-Amerika Assotsiatsiyasining hozirgi rahbari Olimjon
Sharipovjuda faol odam, o’zbek madaniyati va ma’naviyatining g’amxo’r fidoyilaridan. Asl kasbi hisobchi bo’lishiga qaramay, adabiyotni sevadi, o’zi ham ijod qilib turadi.
Jamiyatning avvalgi rahbari Sirojiddin Nasafiy ham vatanparvar, millatparvar bir odam edi (Bu kishi hozir ham uyushmaning faxriy yetakchilaridan). Har bir gapidan vatanning, ma’naviyatning isi keladi.
Xullas, shu kungi tadbirda Olimjon aka bolalar uchun dam olish kunlari o’zbek tili darslari tashkil qilinsa, degan tashabbusni olg’a surdilar. Bir stolga bitta qog’oz-qalam qo’yib, kelgan har bir odamdan, shunday darslarni kerak deb hisoblaysizmi, deb so’rab, odamlarning ism-shariflarini qayd etib bordi.
Kuzatib turdim, vatandoshlarimizning aksariyati beparvo. Yo’q, kerak emas, deyayotganlar ham bor. Ayrimlari esa Olimjon akaning takror-takror aytganlaridan uyalib yoki majburiyat yuzasidan nomini yozdirib qo’yyapti.
Davrada kaminaning jurnalist degan nomi bor. Olimjon aka menga shu masala yuzasidan hammaga qarata bir nasihat qilsangiz, deb qoldi.
Birinchidan, jamoat joyida gapirishga uquvim yo’q. Ikkinchidan, bunday davralarda bunday mas’uliyatli mavzuda gapirishga o’zimni haqsizdek ko’rdim. Lekin gapiradigan boshqa odamning o’zi ham yo’q ekan.
Avval Olimjon aka o’zlari gapirdilar. Keyin yana kimda qanaqa fikr bor, deb o’rtaga savol tashladilar. Men turib, ona tilimizni chet elda asrab-avaylashning muhimligi haqida 1-2 og’iz gapirdim.
Xullas, kalavaning uchi endi kelyapti. Qissadan hissa emas, bitta savol tug’ildi: Xorijda o’sayotgan o’zbek bolalarining o’z ona tillarini saqlab qolishiga erishish mumkinmi? Bu shartmi o’zi?
O’sha kungi yig’inda yosh bolalarni kuzatib turdim. Hammasi bir-biri bilan inglizcha chuvalashib yuribdi. Demak, ular allaqachon o’zbek tilini unutgan…
Uch yoshga to’layotgan qizim bor. Mening farzandlarim o’zbek tilida ravon gapirishni, o’qishni va yozishni bilishi kerak, deb o’zimcha ko’krak keraman. Shu qizimning tili chiqib, hozir butun gaplarni gapirishni boshlagan. Albatta, o’zbek tilida.
Yaqinda uni bog’chaga berdik. Qatnayotganiga ikki oy bo’ldi, lekin hozirdan inglizchalab bidirlayapti. Hatto biz o’zbekcha gapirsak ham, u inglizcha javob qaytaryapti.
Boshida xursand bo’ldik, qizimiz inglizcha gapirishni o’rganib olibdi, deb. Keyin kallaga g’ulg’ula tushdi. Bu ketishda u o’zbek tilini butkul unutadi-ku. Nima qilish kerak?
Boshda yo’q do’ppini bir chetga surib o’ylaydigan bo’lsak, o’zi o’zbek tilini bilish shartmi, degan bema’ni xayol ham keladi.
Bular Amerikada tug’ilgani uchun, xohlaymizmi-yo’qmi, bularning vatani Amerika, O’zbekiston emas. O’zbekiston olis Osiyodagi bir ekzotik mamlakat bo’lib ko’rinadi bularga. Har yili yozda borib 1-2 oy dam olib kelishni sevishlariga ishonchim komil. Lekin O’zbekiston endi ularga vatan bo’la olmaydi. O’zbekistonni ular biz sevganchalik seva olmaydi. Shu yerda o’sib-ulg’aysa, ular Amerikaning bir parcha katak uyini O’zbekistonning dang’illama hovlisiga alishtirmasligi aniq. Bu degani, o’zbek tilini ham unutadi.
Alvido, vatan; alvido, tilim, bo’ladi.
Badiiy chekinishga o’tamiz.
Alixonto’ra Sog’uniy degan alloma bir zot o’tgan vatanimizda. Shu kishining “Turkiston qayg’usi” degan kitobi bor (Kitobni Amazondan sotib olish mumkin). Shu kitobning kirish qismida mazmuni quyidagicha bo’lgan gaplar bor (So’zlar o’zimniki):
“Odam o’zligini unutmasligi uchun uch narsani qo’ldan boy bermasligi kerak: vatanini, dinini va tilini. Vatanimizni boy berdik (Kitob sovet davrida yozilgan). Dinimizni ham yo’qotdik (Sovetlarning dahriylik siyosatiga ishora qilinyapti). Endi tilimizni ham unutsak, biz kim bo’lamiz?”
Bu gaplar xorijda umr kechirayotgan biz kabi odamlarga qarata aytilayotgandek.
Amerikada tug’ilib o’sganlar orasida tilini boy bermay, uni to’liq asrab qolgan birini men hali eshitmadim. Agar otasi dindor bo’lmasa, tez orada mo’min-musulmonlikni ham unutadi va natijada ko’pchilikka qo’shilib ketadi. Bunga bitta misol keltiraman (Lekin bu o’zbekistonlik haqida emas):
Bir amerikalik odam Islomni qabul qilibdi. Undan bu qanday sodir bo’ldi, deb so’rashibdi. Ota-bobolarimning shajarasini o’rganayotgan edim, qarasam, uch avlod oldingi bobom nafaqat musulmon, balki olim zot bo’lgan ekan; shundan so’ng bu dinga qiziqib, uni o’rganishga tushdim va natijada o’zim ham musulmonga aylandim, deb javob bergan ekan…
Amerika madaniyatida men sevadigan, o’zim ham o’zlashtirishga harakat qiladigan ijobiy jihatlar juda ko’p. Ularga hurmatim cheksiz. Lekin men o’zbekman, musulmonman. O’zimga xos bo’lgan madaniyatim bor, dunyoga qarashim bor. Bu masalalarda men amerikaliklardan farqliman. Farzandlarim ham men qadrlagan narsalarni qadrlashini xohlayman.
Nazarimda, til ana shu o’ziga xos madaniyatimizni biz bilan bog’lab turadigan bir ko’prik. Shu ko’prik buzilsa, o’zlik va o’zbeklik o’rtasida uzilish ro’y beradi. Natijada ommaga qo’shilib, birga oqib ketamiz, yo’q bo’lib ketamiz.
Shuning uchun tilingizni asrang, Vatandoshim.

https://medium.com/ozbekcha-bitiklar/df203da6765a

Комментариев нет:

Отправить комментарий